By IELTS Expert

05 April 2024 - 16:30

How to improve your grammar for IELTS, blog image

Ushbu maqolada:

  • IELTS uchun grammatika nega kerak.
  • IELTSda grammatika qanday baholanadi.
  • IELTS uchun bilish lozim boʻlgan beshta asosiy grammatik qoida.
  • IELTS Writing uchun grammatika.
  • IELTS Speaking uchun grammatika.
  • IELTS Listening va Reading uchun grammatika.

IELTS xorijda yangi ish topish yoki oʻqishga kirishda muvaffaqiyat qozonish uchun zarur boʻlgan bir qator ingliz tili koʻnikmalarini baholaydi. U toʻrt boʻlimdan iborat: Listening, Reading, Writing va Speaking. Ehtiyojlaringizga qarab ikkita IELTS imtihonidan birini – Akademik IELTS yoki Umumiy tayyorgarlik IELTS imtihonini topshirishingiz mumkin.

Qaysi birini topshirayotganingizdan qatʼiy nazar grammatika, yaʼni, ingliz tilining strukturasi va biz uni qanday ishlatishimiz imtihonning ajralmas qismidir.

IELTS uchun grammatika nega kerak?

Grammatika biror tilda gapirish, oʻqish va tushunishimizda katta ahamiyat kasb etadi. IELTS imtihonida maxsus grammatik boʻlim mavjud boʻlmasa ham IELTS Writing va Speaking boʻlimlarini muvaffaqiyatli topshirish uchun grammatika asoslarini bilishingiz zarur, Listening va Reading boʻlimlarida ham grammatikani yaxshi bilish talab etiladi.

Akademik IELTS uchun grammatika

Akademik IELTS imtihoni sizning ingliz tilini bilish darajangiz akademik muhit uchun mos yoki mos emasligini baholaydi. Akademik til kundalik ingliz tilidan koʻra rasmiyroq boʻladi, shu bois akademik uslubda yozish asoslarini bilishingiz muhim.

Akademik uslubda yozish borasida baʼzi maslahatlar:

  • Aniq nisbat va majhul nisbatni qachon va qanday ishlatishni bilishingizga ishonch hosil qiling. Aniq nisbat qisqaroq boʻladi, lekin baʼzida rasmiy yozuv uslubi majhul nisbatdan foydalanishni talab etadi. 
  • Akademik yozuv uslubi uchun oʻrinli punktuatsiya juda muhim. Qanday va qachon ikki nuqta, nuqta-vergul, apostrof, qavs va boshqa punktuatsiya turlarini ishlatishni bilishingizga ishonch hosil qiling.
  • Feʼllarni toʻgʻri zamonda ishlatish nima boʻlgani, nima sodir boʻlmoqchiligi va nima sodir boʻlishi mumkinligini toʻgʻri ifodalash uchun juda muhim, bu narsa akademik matnlarda hal qiluvchi rolni kasb etishi mumkin.

Umumiy tayyorgarlik IELTS imtihoni uchun grammatika

Umumiy tayyorgarlik IELTS imtihoni sizning ingliz tilini bilish darajangizni amaliy, kundalik holatlarga mosligini baholaydi. Ushbu testdagi vazifalar ham ishxonadagi holatlar, ham ijtimoiy vaziyatlarni aks ettiradi.

Kundalik grammatika borasida maslahatlar:

  • Gap tuzilishini oʻzlashtirish qiyin boʻlishi mumkin, lekin gap tuzilishidagi turfa xillik va tabiiylik tilni qanchalik bemalol ishlatishingizni namoyish qilishda katta rol oʻynashi mumkin.
  • Gapda soʻzlar qay tartibda kelishini bilishingizga ishonch hosil qiling, chunki bu kundalik soʻzlashuvda ahamiyatlidir.
  • Iboralarga eʼtibor qarating – odamlar ulardan kundalik muloqotda koʻp foydalanadi, masalan, "get the ball rolling (ishni boshlash)" yoki "touch base (birrovga koʻrishish/hol-ahvol soʻrash)".

Batafsil maʼlumot uchun grammatika asoslari ni koʻring..

IELTS imtihonida grammatika qanday baholanadi?

Writing va Speaking boʻlimlari, jumladan, grammatika borasida ham toʻrtta alohida taʼrifga koʻra baholanadi.

Writing ballari taʼrifi

IELTS Writing boʻlimi toʻrtta taʼrifga koʻra baholanadi:

  1. Vazifani muvaffaqiyatli bajarish (sizning javobingiz vazifa talablariga qanchalik yaxshi javob bergan) 
  2. Uygʻunlik va izchillik (matn mantiqiyligi va tuzilishi)
  3. Soʻz boyligi (lugʻat va imlo)
  4. Grammatik diapazon va bexatolik (grammatikani qoʻllash qobiliyatingiz)

Grammatika qanday baholanishiga oid tafsilotlarni quyida oʻqishingiz mumkin.

Ball Grammatik diapazon va bexatolik
9
  • Vazifa doirasida koʻplab grammatik strukturalar qiyinchiliksiz va oʻrinli ishlatilgan.
  • Butun matn davomida punktuatsiya va grammatika toʻgʻri qoʻllangan.
  • Kichik xatolar nihoyatda kam uchraydi va ular matn maʼnosini yetkazishga minimal taʼsir koʻrsatadi.
8
  • Vazifa doirasida koʻplab grammatik strukturalar qiyinchiliksiz va toʻgʻri ishlatilgan.
  • Aksariyat gaplar xatosiz tuzilgan va punktuatsiya yaxshi qoʻllangan.
  • Baʼzida tizimli boʻlmagan xatolar va nomuvofiqliklar uchraydi, lekin ular matn maʼnosini yetkazishga minimal taʼsir koʻrsatadi.
7
  • Bir qancha murakkab strukturalar nisbatan qiyinchiliksiz va aniqlik bilan ishlatilgan.
  • Umuman olganda, grammatika va punktuatsiya yaxshi qoʻllangan va xatosiz gaplar koʻp.
  • Bir nechta grammatik xatolar takrorlanishi mumkin, lekin bu matn maʼnosini yetkazishga xalal bermaydi.
6
  • Oddiy va murakkab jumlalar aralash ishlatilgan, lekin moslashuvchanlik cheklangan.
  • Murakkab gap tuzilishlarida oddiy jumlalardagi kabi aniqlik kuzatilmaydi.
  • Grammatika va punktuatsiyada xatolar bor, lekin ular kamdan-kam hollarda matn maʼnosini yetkazib berishga xalal beradi.
5
  • Grammatik strukturalar xilma-xilligi cheklangan va koʻp marta takroriy ishlatilgan.
  • Murakkab gap tuzishga uringan boʻlsa-da, ularda xatolar bor va faqat oddiy gaplar nisbatan bexato tuzilgan.
  • Grammatik xatolar koʻp uchraydi va matnni tushunishda oʻquvchiga qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.
  • Punktuatsiyada xatolar bor.
4
  • Grammatik strukturalar xilma-xilligi nihoyatda cheklangan. 
  • Ergash gaplar juda kam, matn asosan oddiy gaplardan tuzilgan. 
  • Baʼzi gaplar aniqlik bilan tuzilgan, lekin grammatik xatolar koʻp va ular matn maʼnosini yetkazishga xalal beradi.
  • Punktuatsiyada koʻpincha xatoga yoʻl qoʻyilgan va kerakli joylarda tushib qolgan.
3
  • Gap tuzishga urinilgan, lekin grammatik va punktuatsiyaga oid xatolar koʻp (yodlab olingan jumlalar yoki vazifadagi matndan olingan qismlardan tashqari) Bu maʼnoni yetkazib berishga xalal beradi. 
  • Matn uzunligi gap shakllari haqida tushunchasi borligini isbotlash uchun yetarli emas.
2
  • Gap shakllari haqida tushunchasi borligiga dalil yoʻq (yodlab olingan jumlalardan tashqari).
1
  • 20 ta yoki undan kam soʻzdan iborat javoblarga 1 ball qoʻyiladi.
  • Baholashga arzirli til namoyish etilmagan.

Speaking ballari taʼrifi

IELTS Speaking boʻlimi toʻrtta taʼrifga koʻra baholanadi:

  1. Ravonlik va izchillik (gap maʼnosi qanchalik tushunarli ekani)
  2. Soʻz boyligi (til va iboralardan toʻgʻri foydalanish) 
  3. Grammatik diapazon va aniqlik (ishlatilgan gap tuzilishlari turlari)
  4. Talaffuz (nutqni qanchalik yaxshi tushunish mumkinligi)

Grammatika qanday baholanishiga oid tafsilotlarni quyida oʻqishingiz mumkin.

Ball Grammatik diapazon va bexatolik
9
  • Gaplar tuzilishi doimo aniq va bexato, faqat ona tilisi ingliz tili boʻlganlarga xos "xatolar" mavjud.
8
  • Gaplar tuzilishi diapazoni keng, bemalol ishlatildi. 
  • Aksariyat gaplar xatosiz.
  • Ora-orada nomuvofiqliklar va tizimli boʻlmagan xatolar yuz berdi. Bir nechta oddiy xato takrorlandi.
7
  • Bir qator grammatik tuzilmalar bemalol ishlatildi. Xatosiz gaplar tez-tez uchradi. 
  • Baʼzi xatolarga qaramasdan oddiy gaplar ham, murakkab gaplar ham samarali tarzda ishlatildi. Bir nechta oddiy xato takrorlandi.
6
  • Qisqa va murakkab gap shakllarini tuza olgan va moslashuvchanlik cheklangan boʻlsa ham turfa xil grammatik strukturalar ishlatilgan. 
  • Murakkab gaplarda xatolar koʻp uchrasa ham ular nutq maʼnosini yetkazib berishga deyarli xalal bermaydi.
5
  • Oddiy gap shakllari nisbatan yaxshi va aniqlik bilan tuzilgan. 
  • Murakkab gaplar tuzishga uringan, lekin ularning xilma-xilligi cheklangan, deyarli har doim xatolari bor va gapni qayta tuzishga ehtiyoj tugʻdiradi.
4
  • Oddiy gap shakllarini tuza olgan va baʼzi qisqa jumlalar xatosiz aytilgan. 
  • Ergash gaplar kamdan-kam ishlatilgan, umuman olganda, jumlalar qisqa, gap tuzilishlari takroriy, xatolar esa koʻp.
3
  • Oddiy gap shakllari tuzishga uringan, lekin yodlab olingani oydin boʻlgan qisqa jumlalardan boshqalarida grammatik xatolar nihoyatda koʻp.
2
  • Oddiy gap shakllari haqida tushunchaga ega emas.
1
  • Yodlab olingan jumlalarni hisobga olmasa, til baholashga yaroqli darajada ishlatilmagan.

IELTS qanday baholanishi haqida batafsil maʼlumotni bu yerda oʻqing.

IELTS uchun bilish lozim boʻlgan beshta asosiy grammatik qoida

Yuqoridagi ball taʼriflarini oʻrganib chiqsangiz, bir nechta asosiy talablar ajralib turganini sezasiz. Umuman ingliz tili grammatikasini puxta oʻzlashtirish yaxshi fikr-u, lekin IELTS uchun grammatikangizni takomillashtirish borasida diqqatingizni qaratish lozim boʻlgan bir nechta muayyan mavzular bor.

1. Gap tuzilishi va shakllari

Gap tuzilishining toʻrtta turi bor:

  • Oddiy gaplar.
  • Qoʻshma gaplar.
  • Murakkab gaplar.
  • Murakkab qoʻshma gaplar.

IELTS imtihonida mazkur gap tuzilishlarini aralash ishlatishga harakat qilishingiz lozim, shuning uchun ular nimani anglatishi va qanday ishlatilishini bilib qoʻyganingiz maʼqul.

2. Soʻz tartibi

So‘zlarni to‘g'ri ketma-ketlikda yozish ingliz tili mahoratingizni oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Mana yo‘riqnoma:

  • Gaplar uchun: ega + yordamchi fe’l + asosiy fe’l + to‘ldiruvchi + payt ravishlari

Toʻgʻri: They studied student behaviour for five years.

Notoʻgʻri: They for five years studied student behaviour.

  • Savollar uchun: yordamchi fe’l + ega + asosiy fe’l + toʻldiruvchi

Toʻgʻri: Have you studied student behaviour?

Notoʻgʻri: You have studied student behaviour?

3. Zamonlarni toʻgʻri ishlating

Zamon harakat qachon amalga oshishini koʻrsatadi. Ingliz tilida uchta yirik zamon bor: oʻtgan, hozirgi va kelasi zamon. Uchalasini ham toʻgʻri ishlatish qobiliyatingiz IELTS Writing va Speaking testlarida qanday ball olishingizga katta taʼsir oʻtkazadi.

  • Oʻtgan zamon – I took my IELTS test yesterday.
  • Hozirgi zamon – I am taking my IELTS test today.
  • Kelasi zamon – I will take my IELTS test tomorrow.

Bundan tashqari, gaplar qachon va qanday ishlatilishiga qarab har bir zamon yana har xil turlarga boʻlinadi, bularni bilishingizga ishonch hosil qiling:

  • Past simple (Oddiy oʻtgan zamon), oʻtmishda sodir boʻlgan harakatni ifodalashda ishlatiladi. Masalan, I studied for my exam yesterday.
  • Past continuous/progressive (Oʻtgan davom zamon), oʻtgan zamonda davom etayotgan harakatni ifodalashda ishlatiladi. Masalan, I was studying for my exam yesterday. 
  • Past perfect (Oʻtgan tugallangan zamon), oʻtgan zamonda tugallangan harakatni ifodalashda ishlatiladi. Masalan, I had studied for my exam yesterday.
  • Past perfect continuous (Oʻtgan tugallangan davom zamon), uzoq vaqt oldin sodir boʻlgan harakatni ifodalashda ishlatiladi. Masalan, I had been studying for my exam.
  • Present simple (Hozirgi oddiy zamon), doimiy ravishda sodir boʻluvchi harakatni ifodalashda ishlatiladi. Masalan, I study for my exam every day.
  • Present continuous/progressive (Hozirgi davom zamon), hozir davom etayotgan harakatni ifodalashda ishlatiladi. Masalan, I am studying for my exam.
  • Present perfect (Hozirgi tugallangan zamon), harakat hozirda yakunlanganida ishlatiladi. Masalan, I have studied for my exam today.
  • Present perfect continuous (Hozirgi tugallangan davom zamon), harakat oʻtmishdan to hozirgacha boʻlgan vaqt oraligʻini koʻrsatganda ishlatiladi. Masalan, I have been studying for my exam.
  • Future simple (Oddiy kelasi zamon), kelajakdagi harakatni ifodalashda ishlatiladi. Masalan, I will study for my exam.
  • Future continuous/progressive (kelasi davom zamon), kelajakda davom etayotgan harakatni ifodalash uchun ishlatiladi. Masalan, I will be studying for my exam.

4. Punktuatsiya

Punktuatsiyani toʻgʻri qoʻllash, ayniqsa, Writing test uchun nihoyatda ahamiyatli boʻlib, u gapga mutlaqo boshqacha maʼno berishi mumkin.

Quyidagilarga oʻxshash keng tarqalgan xatolardan ogoh boʻling:

  • Yetarlicha vergul ishlatmaslik. Roʻyxatdagi narsalarni yoki ergash gaplarni ajratish uchun vergul qoʻymaslik gap maʼnosini butunlay oʻzgartirib yuborishi mumkin.

Toʻgʻri: Susan enjoys cooking, her cat and her dog.

Notoʻgʻri: Susan enjoys cooking her cat and her dog.

  • Haddan ortiq vergul ishlatish. Keraksiz joyda vergul qoʻyib ketaverish gapni chalkash qilib, tushunishni qiyinlashtiradi.

Toʻgʻri: Susan studied for her exam, then went for a walk to clear her head.

Notoʻgʻri: Susan studied, for her exam, then went for a walk, to clear her head.

  • Its/it’s va their/they’re.

Agar olmosh egalik olmoshi boʻlsa, "its" yoki "their"ni ishlating, masalan, the dog wagged its tail, they studied for their exam.

Agar soʻzni ikkita soʻz bilan almashtira olsangiz, "it’s" yoki "they’re"ni ishlating, masalan, it is raining – it’s raining, they are walking – they’re walking.

5. Majhul va aniq nisbat

Aniq nisbat insonga bevosita murojaat qilib, uni harakatga chorlaydi, majhul nisbat esa rasmiyroq jaranglaydi. Aniq nisbat asosan ogʻzaki muloqotda va suhbatlarda ishlatiladi, majhul nisbatni esa koʻpincha akademik yoki professional yozishda qoʻllash oʻrinlidir. Ularni toʻgʻri ishlatish sizning yozish va gapirish uslubingizga kerakli ohangni beradi.

  • Aniq nisbat: The dog chased the ball.
  • Majhul nisbat: The ball was chased by the dog.

Yuqoridagi misolda aniq nisbat toʻgʻri, loʻnda boʻlib, quloqqa yoqimliroq eshitiladi.

  • Aniq nisbat: Susan will present the final results tomorrow.
  • Majhul nisbat: The final results will be presented tomorrow.

Yuqoridagi misolda majhul nisbat neytralroq va rasmiyroq jaranglaydi.

IELTS Writing uchun grammatika

IELTS Writing boʻlimida ikkita vazifa beriladi. Ikkinchi vazifa birinchi vazifaga qaraganda uzunroq boʻlib, unga ikki baravar koʻproq ball beriladi.

Akademik

  • Birinchi vazifada sizdan biror grafik, jadval yoki diagrammani oʻz soʻzlaringiz bilan tasvirlab yozish talab etiladi.
  • Ikkinchi vazifada biror nuqtai nazar, asos yoki muammo muhokama qilingan insho yozishingiz kerak boʻladi.

Umumiy tayyorgarlik

  • Birinchi vazifada sizdan muayyan vaziyatga doir xat yozish talab etiladi.
  • Ikkinchi vazifada biror nuqtai nazar, asos yoki muammoni yoqlab, nisbatan shaxsiy uslubda insho yozishingiz kerak boʻladi.

IELTS Writing uchun grammatikangizni mashq qilish

Akademik IELTS uchun ham, Umumiy tayyorgarlik IELTS imtihoni uchun ham grammatikangizni mustahkamlashning eng yaxshi usuli bu onlayn IELTS amaliy testlarini  ishlashdir. Testni tugatganingizdan keyin javoblaringizni bir boshdan koʻrib chiqib, ballar taʼrifi bilan qiyoslang va har bir punkt boʻyicha grammatikangizni baholang. 

Grammatikangiz toʻgʻri ekaniga uncha ishonmagan jumlalaringiz tagiga chizing yoki aylana bilan belgilang. Bu sizga punktuatsiyani toʻgʻri ishlatish yoki gaplarni har xil uzunlikda tuzish kabi yaxshiroq oʻrganishingiz zarur boʻlgan grammatik qoidalarni aniqlashga yordam beradi. Javobingizni yaxshilash uchun insholaringizni qaytadan yozib koʻring.

IELTS Speaking uchun grammatika

IELTS Speaking testi sertifikatli imtihon oluvchi bilan suhbatlashib, turfa xil savollarga javob berishdan iborat. Ushbu test Akademik IELTS va Umumiy tayyorgarlik IELTS imtihonlari uchun bir xil shaklda olinadi.

Testning 1-qismida imtihon oluvchi sizga uy, oila va qiziqishlar kabi tanish mavzularda bir nechta umumiy savollar beradi. Ikkinchi qismda imtihon oluvchi sizdan muayyan mavzu boʻyicha toʻxtovsiz gapirishni soʻraydi, testning 3-qismida esa oʻsha mavzu borasida qoʻshimcha savollar beradi.

IELTS Speaking uchun grammatikangizni mashq qilish

IELTS Speaking uchun grammatikangizni mashq qilishning eng yaxshi usuli onlayn IELTS amaliy testlarini ishlashdir, imkon qadar ovozingizni yozib olish yoki sherik bilan bajarish orqali.

Agar ovozingizni yozib ololsangiz, oʻz javoblaringizni koʻrib chiqib, qachon va qayerda tutilib qolganingiz yoki notoʻgʻri gapirib qoʻyganingizni belgilab qoʻying. Tinglashda grammatikangizga eʼtibor qaratib, nima uchun bu narsa notoʻgʻri ekanini aniqlashga urining. Agar ovozingizni yozib olishning imkoni boʻlmasa, boshqa birovdan nutqingizni qayd qilib borishni soʻrang.

Agar qayerda grammatik xato qilganingizni aniqlay olsangiz, keyin oʻsha mavzuda bilimingizni oshirish uchun mashq qilishingiz mumkin.

IELTS Listening va Reading uchun grammatika

IELTS Listening boʻlimida siz toʻrtta audioyozuvni eshitasiz, keyin esa bir qator savollarga javob berasiz. IELTS Reading boʻlimida esa uchta har xil matnni oʻqiysiz va savollarga javob berasiz. Listening boʻlimidagi audioyozuvlar Akademik IELTS uchun ham, Umumiy tayyorgarlik IELTS imtihoni uchun ham bir xil, lekin Reading boʻlimidagi matnlar va savollar farq qiladi.

IELTS Listening va Reading uchun grammatikangizni mashq qilish

IELTS Listening va Reading boʻlimlari uchun grammatikaning eng muhim elementi bu tushunishdir. Grammatika katta taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan matn va audioyozuvlarda nima deyilayotganining maʼnosi, gaplarning nozik jihatlarini tushuna olishingiz zarur.

Xuddi IELTS Writing va Speaking boʻlimlaridagi kabi, Listening va Reading boʻlimlariga tayyorlanishning eng yaxshi yoʻli onlayn IELTS amaliy mashqlarni bajarishdir. Biroq, eshitish va oʻqish koʻnikmangizni ona tilisi ingliz tili boʻlganlarning media mahsulotlari va kontentini isteʼmol qilish orqali ham mustahkamlashingiz mumkin.

Oʻqishning baʼzi samarali usullariga quyidagilar kiradi:

  • Ingliz tilida audiokitoblar, radioeshittirishlar yoki podkastlar eshitish
  • Inglizcha gazeta va jurnallarga obuna boʻlish
  • Inglizcha kitoblar oʻqish

Yodingizda boʻlsin, agar Akademik imtihon topshirayotgan boʻlsangiz, akademik darajadagi oʻquv materiallarini izlashingiz lozim.