English for Teachers programme

Ingliz tili o'qituvchilar uchun (EfT) O'zbekistondagi oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalarida, shu jumladan universitetlar, institutlar, kollejlar va litseylarda faoliyat yuritadigan ingliz tili o'qituvchilari uchun tilni rivojlantirish dasturi hisoblanadi. Kurs kasbiy tayyorgarlik dasturlariga qo'yilgan barcha zamonaviy xalqaro talablarga javob berib, u Britaniya Kengashi, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Ilmiy-amaliy innovatsiya markazi bilan hamkorlikda ta'lim sohasidagi britaniyalik yetakchi mutaxassis Rod Bolitoning maslahati ostida ishlab chiqilgan. Bu ikkita yuzma-yuz va bitta onlayn modulni uyg’unlashgan holda o'zida mujassam etuvchi, o'quv kursi hisoblanadi.

Ushbu dasturning maqsadi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining strategiyasi doirasida butun mamlakat bo'ylab ingliz tili standartlarini takomillashtirishdan iborat. Ushbu strategiyani faqat ingliz tili o'qituvchilari orasida ingliz tili standartlari yuqori darajaga yetkazilgan taqdirdagina amalga oshirish mumkin.

Dastur to’g’risida
Dars materiallari ingliz tilini chuqur o'rganishni rag'batlantirish va kursda ishtirok etuvchi o'qituvchilarga o'z ingliz tillarini takomillashtirishlari lozim bo'lgan sohalarni aniqlash va shu sohalarda ish olib borish imkoniyatini taqdim etish uchun ishlab chiqilgan. Til bilish malakasini oshirish uchun vaqt va mehnat talab etiladi, shu sababdan 2-Modul (onlayn) uzoq vaqt davomida olib boriladi.

1-Modul tilning asosiy sohalari bo’yicha ishlab chiqilgan bo’lib, u qatnashchilarni ingliz tilini tadqiq qilish va o'rganishga jalb etish uchun, o’zida qiziqarli vazifalarni mujassam etadi. U har bir til ko'nikmalariga, jumladan grammatika, lug'at boyligi, diskursni (nutqni) tahlil qilish hamda til va madaniyat sohalariga oid masalalarni o'z ichiga oladi. 
2-Modul olti qisimga bo'lingan; ularning har biri turli mavzudagi va har biri bir oy davom etadigan to’rt haftalik bosqichdan iborat. Ushbu davr mobaynida murabbiylar qatnashuvchilarning bilim olishini masofadan turib qo'llab-quvvatlaydilar. Shu bilan birga, oydan oyga belgilab qo'yilgan vazifalarning jihatlarini muhokama etish uchun, vaqti-vaqti bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o'tkazish imkoniyatlari mavjud. Shunday bo’lsada, asosiy e'tibor qatnashchilarga masofadan turib o'qishni davom ettirish uchun talab etiladigan mustaqil o’rganish strategiyalarini ishlab chiqish va o'z-o'zini tarbiyalashga qaratilgan.
3-Modul asosan qatnashchilarning til jihatlarini tushunib yetish va ular bo'yicha taqdimotlar tayyorlash orqali tilni o’rganishlarini kuchaytirishga qaratilgan. Kursdan so'ng o'qishni davom ettirishni rejalashtirish masalasiga ham e'tibor qaratilgan. O’z tillarini takomillashtirishda bardavom bo’layotgan o'qituvchilar o'z o'quvchilariga yaxshi o'rnak ko'rsatadilar.

Kursdan kutilayotgan natijalar
Butun kurs oxirida ishtirokchilardan quyidagilarni kutish mumkin:

  • kamida bitta til sohasini chuqurroq o'rganib chiqish va bu haqda o'z tengdoshlari va murabbiylariga taqdimot qilish
  • og'zaki ingliz tilidagi asosiy muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo'yicha samarali choralarni ko'rish
  • og'zaki va yozma diskurs (nutq)ning tarkibiy qismlarini tahlil qilish imkoniyatiga ega bo'lish, buning natijasida (a) diskurs munosabatlari qanday ishlashini tushunish va (b) tilni o'qitish va o'rganish oqibatlarini tekshirish
  • o'z darslarini ingliz tilida olib borishga qobil bo’lish
  • o'z o'quvchilari uchun yaxshi namuna bo'lishi uchun, og'zaki ingliz tilining (ravonlik va talaffuz, urg’u va intonatsiyaga alohida e'tibor qaratgan holda) maqbul standartiga erishish 
  • mahalliy yoki milliy tilda (L1) so’zlashuvchilar tomonidan eng ko'p uchraydigan xatolar va ularning sabablarini bilish
  • kursdan so'ng o'qishni davom ettirishga imkon beradigan samarali mustaqil ta'lim olish strategiyalarini ishlab chiqish
  • o’zining ta’lim olishi haqdia samarali ravishda fikr yuritish odatini shakllantirish
  • o’zlarining umumiy kasbiy rivojlanishida til kompetensiyasi markaziy o'rin egallashini tushunganliklariga dalillar keltirish.

Kursni baholash
Qatnashchilarni baholash 3-Modul ostida bajarilgan vazifalar majmuasi va o’tkazilgan taqdimotlar asosida amalga oshiriladi. Ushbu talablarning muvaffaqiyatli bajarilishi qatnashchilarning Vazirlik va Britaniya Kengashi tomonidan tasdiqlangan Sertifikat bilan taqdirlanishiga sabab bo’ladi.

Loyihani amalga oshirishda quyidagi bosqichlar amalga oshirildi:

  • kurs materiallarini ishlab chiqish uchun ehtiyojlar tahlili o'tkazildi
  • Britaniya Kengashining APTIS test sinovlari ingliz tili o'qituvchilarining darajasini aniqlash uchun 500 dan ortiq o'qituvchilar orasida o'tkazildi va ishtirokchilar mazkur test sinovlari natijalariga ko'ra tanlandi
  • murabbiylarni tayyorlash uchun o'quv mashg'uloti 2017 yil iyun oyida bo'lib o'tdi
  • 2017 yil dekabr oyida 60 ta ingliz tili bo’yicha (ELT) mutaxassislar uchun fasilitator o’quv mashg’uloti tashkil etildi
  • B2 + va C1 + bo’lmish Ikki darajadagi ikki ishtirokchilar guruhi uchun birinchi modul 2017 yil dekabr oyida amalga kiritildi. Kurslar O'zbekistondagi 17 ta PRESETT loyihasi amalga oshirilgan oliy o'quv yurtlarida tashkil etildi.
  • ikkinchi onlayn modul 2018 yil yanvar oyida yo’lga qo’yildi.

Ta'lim o’z kasbining ustasi bo’lgan milliy mutaxassislar tomonidan muvofiqlashtirilgan va qo'llab-quvvatlangan bo’lib, ular ishtirokchilarning o'qish davridan maksimal foyda olishlarini ta'minlash uchun, o’z maslahatlari va bevosita o’rganishni taklif etdilar. 

2018 yilda quyidagilar rejalashtirilgan:

  • onlayn modulni 2018 yil iyuniga qadar yakunlash
  • uchinchi "yuzma-yuz" modulini yo’lga qo’yish
  • kursni muvaffaqiyatli tamomlagan barcha ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlanadilar.

Loyiha ishtirokchilari

  1. Andijon Davlat universiteti
  2. Buxoro Davlat universiteti
  3. Farg'ona Davlat universiteti
  4. Guliston Davlat universiteti
  5. Jizzax Davlat pedagogika instituti
  6. Qoraqalpog’iston Davlat pedagogika instituti
  7. Berdah nomidagi Qoraqalpog’iston Davlat universiteti
  8. Qarshi Davlat universiteti
  9. Qo'qon Davlat pedagogika instituti
  10. Namangan Davlat universiteti
  11. Navoiy Davlat pedagogika instituti
  12. Ajiniyoz nomidagi Nukus Davlat pedagogika instituti
  13. Samarqand Davlat chet tillar instituti
  14. Nizamiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti
  15. Termiz Davlat universiteti
  16. Urgench Davlat universiteti
  17. O'zbekiston Davlat jahon tillari universiteti