By IELTS Expert

07 April 2025 - 13:52

Know Your English Level How CEFR Can Improve Your IELTS Score, blog image

Ushbu maqolada biz CEFR tizimini, uning til darajasini qanday baholashini va IELTS imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishda sizning ingliz tilingizni yaxshilashga qanday yordam berishini o‘rganamiz.

Dunyoda ingliz tilida so‘zlashadigan milliardlab insonlar bor. Shunday ekan, ingliz tilida muloqot qila olish va, eng muhimi, til bilimingizni isbotlay olish bugungi globallashgan dunyoda sizga bir qator muhim imtiyozlar berishi mumkin. 

Ingliz tili darajangizni bilish sizga qaysi ko‘nikmalarni rivojlantirish kerakligini aniqlab beradi va siz ingliz tili imtihonini topshirib, kerakli ballni olishga tayyorligingizni ko‘rsatadi.

IELTS haqida koʻproq bilib oling 

CEFR IELTS imtihoni uchun ingliz tili bilimini yaxshilashga qanday yordam bera oladi?

Umumiy Yevropa til bilimi mezonlari (CEFR) - bu turli vaziyatlarda har qanday tilni baholash uchun qo‘llashingiz mumkin bo‘lgan standartlar to‘plamidir. 

CEFR shaxsning ikkinchi tildagi umumiy bilim darajasini tavsiflaydi. 

U grammatika va soʻz boyligi bo‘yicha yo‘riqnomalar, shuningdek, o‘qish, yozish, tinglab tushunish va gapirish kabi to‘rt ko‘nikmani o‘z ichiga olgan oltita darajadan iborat. Har bir daraja o‘quvchilar ushbu bosqichda nimalarni qila olishi va qila olmasligini ko‘rsatadi. CEFR tilni eslab qolish qobiliyatidan ko‘ra muloqotga ko‘proq e’tibor qaratadi. 

Ingliz tili darajangizni aniqlaganingizdan so‘ng, uni IELTS ballari bilan taqqoslab, kerakli ballni olishga tayyorligingizni ko‘rishingiz mumkin. Agar tayyor bo‘lmasangiz, IELTS imtihoni uchun ingliz tilingizni qaysi jihatlarini yaxshilashingiz kerakligini bilib olasiz. 

Endi ingliz tili darajasini o‘lchashning muhimligini ko‘rsatuvchi boshqa sabablarni ko‘rib chiqamiz. 

Ingliz tili darajangizni o‘lchash va uni oshirish nima uchun muhim? 

Ingliz tilini o‘rganish sizga ko‘proq imkoniyatlar eshigini ochib, ayrim vazifalarni bajarishni osonlashtiradi. O‘z darajangizni bilib, uni oshirish yo‘llarini o‘zlashtirsangiz, yanada ko‘proq foydaga erishishingiz mumkin. 

Ingliz tili darajangizni baholash va rivojlantirishning uchta asosiy sababi quyidagilardan iborat:

1. Kasbiy imkoniyatlarga ega bo‘lish

Har qanday xalqaro tilni mukammal bilish kasbiy imkoniyatlarga ega bo‘lishda foydali bo‘lishi mumkin. Bu sizga o‘z yurtingizda ham, chet elda ham ko‘proq ish o‘rinlari va o‘quv kurslariga ariza topshirish imkonini beradi.

Ingliz tili darajangizni bilsangiz, bu haqda ishga oluvchilarga ma’lum qilishingiz va ish topish imkoniyatingizni oshirishingiz mumkin. Agar kerakli darajada bo‘lmasangiz, qaysi yo‘nalishda rivojlanish kerakligini aniqlay olasiz. 

Ishga joylashganingizdan so‘ng, ingliz tili darajangizni muntazam nazorat qilish sizga yutuqlarga erishish va lavozimda ko‘tarilish uchun imkoniyat yaratadi. 

Yaxshi muloqot qila olish deyarli har qanday ish joyida muhim ko‘nikma hisoblanadi. Hamkasblaringiz bilan ingliz tilida suhbatlasha olsangiz, ularning mahorati va tajribasidan o‘rganishingiz hamda o‘z vazifangizni samaraliroq bajarishingiz mumkin. Shuningdek, turli millatga mansub hamkasblaringiz bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

2. Yangi mamlakatlarga sayohat

Agar siz ish yoki o‘qish vizasini olishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, xalqaro tan olingan imtihon topshirish orqali ingliz tilini bilishingizni isbotlashingiz talab etilishi mumkin. 

CEFR kabi turli tizimlar sizning ingliz tili darajangiz kerakli ballni olish uchun yetarli yoki yetarli emasligini aniqlashga yordam beradi. Masalan, siz vizangiz uchun talab qilinadigan ballni olish uchun IELTS imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishda ingliz tilingizni yanada yaxshilashingiz zarurligini bilib olishingiz mumkin. 

Ko‘pgina vizalar faqat ingliz tilining o‘rta darajasini talab qiladi. Biroq, yuqori darajadagi til ko‘nikmalari immigratsiya jarayonini ancha osonlashtiradi.

3. Xorijda ishlash yoki o‘qish

Agar maqsadingiz chet elda ishlash yoki o‘qish bo‘lsa, ingliz tili darajangizni bilish va uni yaxshilash bu maqsadga erishishingizga yordam beradi. Minimum ingliz tili darajasi maqsadingizga qarab farqlanadi, ammo kuchli til ko‘nikmalari yo‘lingizni ancha osonlashtiradi. 

Yangi mamlakatga kelganingizdan so‘ng, ingliz tilini yuqori darajada bilish yangi muhitga tezroq moslashishingizni ta’minlaydi. Bu ingliz tilida so‘zlashuvchi jamiyatga qo‘shilishni osonlashtiradi, turli faoliyatlarda ishtirok etish va mahalliy jamoaning bir qismiga aylanishingizga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, mahalliy aholi bilan ko‘proq muloqotda bo‘lish orqali til ko‘nikmalaringizni rivojlantirishingiz va nutqingizni yanada ravonlashtirishingiz mumkin. 

Men ingliz tilidagi CEFR darajamni qanday aniqlay olaman?

CEFR IELTS imtihoni uchun ingliz tilini o‘rganish va takomillashtirishda foydali qo‘llanma sifatida xizmat qilishi mumkin. U oltita darajani o‘z ichiga oladi va ular juft-juft bo‘lib taqsimlangan:

  • A1 va A2 (boshlangʻich darajadagi foydalanuvchilar)
  • B1 va B2 (tilni mustaqil qo‘llay oladigan foydalanuvchilar)
  • C1 va C2 (tilni mukammal egallagan foydalanuvchilar)

Keling, endi har bir darajani batafsil ko‘rib chiqamiz:

A1 va A2 darajalar

Tilni boshlangʻich darajada tushunuvchi shaxslar mana shu ikki toifaga mansub bo‘lib, ular faqatgina nazorat qilingan vaziyatlarda muloqot qila oladilar. A1 darajasi CEFR va boshqa o‘lchov tizimlarining boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi.

A1 yoki boshlang‘ich daraja:

  • So‘zlovchi kundalik iboralarni tushunadi va asosiy ehtiyojlarni ifodalash uchun oddiy gaplar tuzadi. 
  • U o‘zini va boshqalarni tanishtira oladi, shuningdek, yashash joyi yoki tanishlari haqidagi shaxsiy ma’lumotlarga oid savollarga javob bera oladi.
  • Ular oddiy tasvirlarni bera oladi.
  • Suhbatdoshi sekin va aniq gapirganda, ular muloqotga kirisha oladi.

A2 yoki elementar daraja:

  • Bu darajadagi shaxs o‘ziga qiziq bo‘lgan mavzular, masalan, shaxsiy ma’lumotlar, ish, oila va shu kabilar haqidagi keng tarqalgan iboralarni tushunadi.
  • U tanish va kundalik masalalar bo‘yicha oddiy va aniq ma’lumot almashishi mumkin. 
  • U o‘z o‘tmishi va atrofidagi muhit haqida, shuningdek shaxsiy ehtiyojlari bilan bog‘liq boshqa jihatlarni ham sodda so‘zlar bilan ifodalay oladi.

B1 va B2 darajalar

Ushbu darajalardagi o‘quvchilar ko‘proq til ko‘nikmalariga ega bo‘lsalar-da, ularning imkoniyatlari hali ham cheklangan bo‘lishi mumkin. Ular murakkab fikrlarni bayon etish talab qilinmaydigan tanish vaziyatlarda bemalol muloqot qila oladilar.

B1 yoki oʻrta daraja:

  • So‘zlovchi ish, maktab va boshqa joylardagi kundalik hayotga oid aniq ma’lumotlarning asosiy mazmunini tushunadi. 
  • Til foydalaniladigan hududga sayohat qilganda duch keladigan aksariyat vaziyatlardan chiqib keta oladi. 
  • Tanish mavzular yoki shaxsiy qiziqish uyg‘otadigan masalalar bo‘yicha oddiy va izchil matnlar yarata oladi. 
  • O‘z tajribalari, kutilmalari va intilishlarini tasvirlay oladi, shuningdek fikrlari va rejalarini qisqacha tushuntira oladi.

B2 yoki Oʻrtadan yuqori daraja:

  • Bu darajadagi so‘zlovchi aniq yoki mavhum mavzulardagi murakkab matnlarning asosiy g‘oyalarini, jumladan o‘z sohasidagi texnik munozaralarni tushunadi. 
  • Ular ona tili sifatida so‘zlashuvchilar bilan bir qadar ravon va tabiiy tarzda, ikki tomondan ham qiyinchiliksiz muloqot qila oladi. 
  • Ular keng qamrovli mavzular bo‘yicha aniq va batafsil matnlar yarata oladi hamda ular haqida o‘z nuqtayi nazarini bildirgan holda, afzallik va kamchiliklarni ko‘rsatib o‘ta oladi.

C1 va C2 darajalar

Bu darajadagi so‘zlovchilar o‘z fikrlarini yuksak darajada boshqara oladilar. Ular hatto notanish bo‘lgan vaziyatlarda ham muvaffaqiyatli harakat qila oladilar va murakkab fikrlarni bayon eta oladilar.

C1 yoki yuqori daraja:

  • Bu so‘zlovchi turli xil uzun va murakkab matnlarni tushuna oladi hamda ularning yashirin ma’nolarini anglay oladi. 
  • Ular fikrlarini ravon va tabiiy ravishda ifodalaydilar, idiomatik iboralardan bemalol foydalanadilar. 
  • Tildan ijtimoiy, akademik va kasbiy maqsadlarda moslashuvchan va samarali tarzda foydalanadilar. 
  • Murakkab mavzular bo‘yicha aniq, tizimli va batafsil matnlar yarata oladilar, bunda tashkiliy ko‘nikmalarni hamda til bog‘lovchilari va lingvistik uyg‘unlik vositalaridan yaxshi foydalanish qobiliyatini namoyon etadilar.

C2 yoki malakali daraja:

  • Bu darajadagi so‘zlovchi eshitgan yoki o‘qiganlarining deyarli barchasini osonlik bilan tushunadi. 
  • Ular turli xil og‘zaki va yozma manbalardan olingan ma’lumotlarni umumlashtirib, dalillar va tushuntirishlarni izchil tarzda qayta taqdim eta oladilar. 
  • Ular toʻsatdan, ravon va aniq tarzda fikrlarini bayon etib, hatto eng murakkab vaziyatlarda ham ma’no nozikliklarini farqlay oladilar. 

CEFR va IELTS bo‘yicha o‘zaro mos keladigan ball darajalari qanday?

CEFR turli vaziyatlar va ko‘plab tillar uchun qo‘llanilgani sababli, u xalqaro imtihon natijalari bilan to‘liq mos kelmaydi. Biroq, CEFR darajalarini IELTS daraja ballari bilan taqqoslash orqali siz imtihonda qanday natija ko‘rsatishingiz mumkinligini taxmin qilishingiz mumkin. Bu foydali usul hisoblanadi. Taxminiy muvofiqliklar uchun quyidagi jadvalga e’tibor bering:

CEFR darajasi IELTS balli Tavsif
A1 3.0 Siz restoranda ovqat buyurtma berish yoki do‘kondan narsa-buyumlar xarid qilish kabi oddiy suhbatlar qila olasiz.
A2 3.5 Siz juda yaxshi bilgan mavzular haqida bemalol gapira olasiz va teleko‘rsatuvlar, jurnallar hamda radio eshittirishlar kabi ommaviy axborot vositalarini tushuna boshlaysiz.
B1 4.0 - 5.0 Siz o‘zingizga tanish bo‘lgan mavzular haqida qisqa suhbatlar o‘tkazishingiz va qisqa xabarlar yoza olasiz.
B2 5.5 - 6.5 Siz notanish va kutilmagan vaziyatlarga hamda qatʼiy ish muhitiga moslasha olasiz va vaziyatlardan chiqib keta olasiz.
C1 7.0 - 8.0 Aksariyat shaxsiy va kasbiy vaziyatlarda o‘zingizga ishongan holda harakat qila olasiz.
C2 8.5 - 9.0 Siz haqiqiy til egasi darajasida so‘zlasha olasiz. Endi siz deyarli har qanday mavzu bo‘yicha erkin so‘zlashingiz va yozishingiz mumkin. 

Ingliz tili darajangiz haqida bilishingiz zarur bo‘lgan barcha ma’lumot

CEFR darajangizni aniqlash orqali ingliz tilidagi qobiliyatlaringizni tushunishingiz va IELTS imtihoni uchun ingliz tilini qanday yaxshilashni bilishingiz mumkin. Ingliz tili darajangizni bilish sizga IELTS daraja ballarini taqqoslash orqali kutilayotgan natijalaringizni ko‘rishga yordam beradi. 

IELTSdan kerakli ballni olishga erishish uchun Britaniya Kengashining IELTSga tayyorgarlik manbalariniko‘rib chiqing. Siz sinov imtihonlarini topshirishingiz va IELTS imtihoni uchun ingliz tilini qanday yaxshilash bo‘yicha mutaxassislardan maslahat olishingiz mumkin.

IELTS haqida koʻproq bilib oling