IELTS imtihonini bekor qilish, to‘lovni qaytarish va sanani ko‘chirish tartibi
Rejalaringiz o‘zgarsa yoki kutilmagan vaziyatga duch kelsangiz, IELTS imtihoni sanasini bekor qilishingiz yoki boshqa kunga ko‘chirishingiz lozim bo‘lishi mumkin. Quyida Bekor qilish, to‘lovni qaytarish va sanani ko‘chirish tartibi keltirilgan.
Ushbu sahifadagi ma’lumotlar standart IELTS imtihonlariga taalluqlidir. Agar siz IELTS for UKVI (jumladan, IELTS for UKVI Life Skills) imtihonini topshirayotgan bo‘lsangiz, tegishli qoidalar bilan tanishish uchun IELTS for UKVI bekor qilish va sanani ko‘chirish sahifasiga o‘ting.
IELTS imtihonini bekor qilish va to‘lovni qaytarish
Siz IELTS imtihoniga ro‘yxatdan o‘tishni imtihon topshirishdan oldin istalgan vaqtda Test topshiruvchi portali (Test Taker portal) orqali bekor qilishingiz mumkin. To‘lovni qaytarish shartlari bekor qilish vaqtiga hamda istisnoiy holatlarning mavjudligiga bog‘liq:
| Bekor qilish sanasi | To‘lovni qaytarish tartibi |
| Imtihon sanasiga 15 kun yoki undan ko‘proq vaqt qolganida | Imtihon umumiy to‘lovining 75% miqdori qaytariladi (25% ma’muriy yig‘im ushlab qolinadi) |
| Imtihon sanasiga 14 kun yoki undan kam vaqt qolganida | To‘lov qaytarilmaydi |
Mahalliy qonunchilik sizga ko‘proq huquqlar berishi mumkin. Agar siz IELTS imtihonini topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan hududdagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik bekor qilish va sanani ko‘chirish bo‘yicha yanada qulayroq shartlarni taqdim etsa, u holda mahalliy qonunchilik normalari qo‘llaniladi.
Test topshiruvchilar uchun istisnoiy holatlar
Agar imtihon kuni betob bo‘lib qolsangiz yoki shaxsiy favqulodda holat yuzaga kelsa, imtihonni bekor qilishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bunday vaziyatda istisnoiy holatlar tufayli masalani alohida ko‘rib chiqish to‘g‘risida imtihon markaziga ariza topshirishingiz mumkin. Bu sizga imtihon to‘lovini keyingi sanaga o‘tkazish yoki ayrim hollarda to‘lovni qaytarib olish imkonini beradi.
Quyidagilar istisnoiy holatlar deb baholanadi:
- Travmatik holat (og‘ir ruhiy jarohat)
- Oilaviy inqiroz / og‘ir oilaviy vaziyat
- Kechiktirib bo‘lmaydigan huquqiy yoki harbiy majburiyat
- Imtihon kunida ishtirok etishga yoki test topshirish jarayonini odatiy tarzda bajarishga to‘sqinlik qiluvchi jiddiy tibbiy holat
- Yaqin insonining vafoti yoki boshqa shakldagi og‘ir kutilmagan qiyinchiliklar
- Ommaviy tartibsizliklar yoki ekstremal ob-havo sharoiti
Agar imtihonda qatnashmagan bo‘lsangiz, istisnoiy holatlar bo‘yicha arizani imtihongacha yoki imtihon o‘tkazilgan sanadan boshlab ikki taqvimiy kun ichida topshirishingiz mumkin. Natijalar e’lon qilingandan so‘ng alohida ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi arizalar qabul qilinmaydi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri imtihon markaziga murojaat qilishingiz hamda nima sababdan ushbu holat alohida ko‘rib chiqish shartlariga to‘g‘ri kelishini asoslovchi to‘liq ma’lumot va tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishingiz lozim. Imtihon markazi arizangizni baholab, to‘liq yozma ariza kelib tushgan kundan boshlab yetti ish kuni ichida sizga javob qaytaradi.
Agar imtihon markazi arizangizni ma’qullasa, to‘lov qaytariladi yoki imtihon sanasi ko‘chiriladi. Ayrim hollarda ushbu jarayon uchun ma’muriy yig‘im ushlab qolinishi mumkin. To‘lovni qaytarish jarayoni 4–6 hafta davom etishi mumkinligini inobatga oling.
Alohida ko‘rib chiqish uchun ariza berish maqsadida imtihon markazingiz bilan bog‘laning va tasdiqlovchi hujjatlaringiz bilan birga bekor qilish so‘rovini yuboring.
Imtihon markazi tomonidagi istisnoiy holatlar
Imtihon markazining nazoratiga bog‘liq bo‘lmagan muayyan holatlarda imtihon bekor qilinishi va boshqa sanaga ko‘chirilishi mumkin. Ushbu holatlar qatoriga ekstremal ob-havo sharoitlari, tabiiy ofatlar, ommaviy tartibsizliklar, xizmat ko‘rsatishdagi ish tashlashlar yoki fors-major holatlari kiradi (lekin ular bilan cheklanmaydi).
Bunday hollarda imtihon markazi sizni imkon qadar tezroq xabardor qiladi va quyidagi tanlovlardan birini beradi:
- to‘lovni to‘liq qaytarish, yoki
- siz uchun qulay bo‘lgan kelgusi imtihon sanasiga ko‘chirish.
Agar imtihoningiz texnik nosozliklar, manzil (bino) yoki atrof-muhit omillari kabi boshqa holatlar sababli bekor qilinsa yoxud qoldirilsa, imtihon markazi imkon qadar tezroq xabar beradi hamda to‘lovni qaytarish yoki keyingi imtihonga ko‘chirish variantlaridan birini taklif qiladi.
Imtihon markazi o‘z nazoratidagi holatlar tufayli imtihonni bekor qilgan hollarda, siz qilingan yo‘l va turar joy xarajatlarini qoplash bo‘yicha kompensatsiya olish uchun murojaat qilishingiz mumkin.
Kompensatsiya to‘lash tartibi
Siz da’vo arizasini kiritganingizdan so‘ng, imtihon markazi bekor qilinish holati uning nazoratida bo‘lgan-bo‘lmaganini tekshiradi va har qanday kompensatsiya quyidagi mezonlar asosida tayinlanadi:
- xarajatlar bevosita imtihon kunida ishtirok etishni rejalashtirish oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi;
- to‘lov amalga oshirilganini tasdiqlovchi kvitansiyalar (cheklar) mavjud bo‘lishi;
- bekor qilingan transport va/yoki turar joy to‘lovlari xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan qaytarilmasligi tasdiqlangan bo‘lishi;
- ko‘rib chiqilayotgan xarajatlar uchun bozordagi eng past o‘rtacha (maqbul) narxlar asosida hisoblangan bo‘lishi.
Agar siz yashash joyingizga eng yaqin bo‘lmagan boshqa imtihon markaziga borgan bo‘lsangiz, kompensatsiya talab qila olmaysiz.
Kompensatsiyaga oid qarorlar, jumladan, to‘lovga bo‘lgan huquq va ajratiladigan summa miqdorini belgilash uchun imtihon markazi mas’uldir.
IELTS imtihoni sanasini ko‘chirish
Agar siz IELTS imtihoniga ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz va sanani o‘zgartirishingiz zarur bo‘lsa, buyurtmangizni yangi sanaga ko‘chirishingiz mumkin. Ko‘chirish shartlari murojaat qilingan muddatga bog‘liq:
| Sanani ko‘chirish so‘rovi berilgan muddat | Sanani ko‘chirish shartlari |
| Imtihon sanasiga 15 kun yoki undan ko‘proq vaqt qolganida | 5 martagacha bepul ko‘chirish mumkin |
| Imtihon sanasiga 5–14 kun qolganida | Ko‘chirishga ruxsat beriladi. 25% miqdorida ma’muriy yig‘im undiriladi |
| 5 kundan kam vaqt qolganida | Sanani ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. Barcha ko‘chirish so‘rovlari bekor qilish sifatida baholanadi va to‘lovni qaytarishning umumiy qoidalari qo‘llaniladi |
Sanani ko‘chirishni so‘rash uchun Test topshiruvchi portaliga (Test Taker portal) kiring va “Manage my booking” (Buyurtmamni boshqarish) bo‘limidagi ko‘rsatmalarga amal qiling.