A young woman standing by a library shelf reading a book on quantum mechanics

Britaniya Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Buyuk Britaniyaning Advance HE hamda Quality Assurance Agency (QAA) tashkilotlari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini rivojlantirishning ikkita muhim tarkibiy qismi ustida ish olib bormoqda.

Universitet boshqaruvi

Going Global Partnerships hamkorlik dasturining Oliy taʼlim muassasalari boshqaruvi yoʻnalishi Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari uchun Boshqaruv Kodeksini yaratishni maqsad qilgan boʻlib, bu orqali loyiha mamlakatdagi oliy taʼlimning barqaror va tizimli rivojlanishiga hissa qoʻshadi.

Birinchi bosqich uch-besh yillik strategik qarashning bir qismi boʻladi va oliy taʼlim yanada rivojlantirish uchun zarur boʻlgan akademik boshqaruvni taʼminlash maqsadida milliy va mahalliy darajada salohiyat va imkoniyatlarni yuksaltirishni oʻz ichiga oladi.

Loyiha birinchi bosqichining maqsadlari (2023–24)

  • Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va boshqa manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda universitet boshqaruvi kodeksiga oid asosiy yoʻnalishlarni aniqlash va oʻrganish.
  • Vazirlik huzurida milliy sifatni taʼminlash (QA) ishchi guruhini tashkil etish.
  • Amaldagi boshqaruv amaliyotlarini koʻrib chiqish va universitetlarda samarali boshqaruvning ahamiyati va foydasini tahlil qilish.
  • Xalqaro ilgʻor tajribalarni ulashish hamda boshqaruv kodeksi va unga daxldor hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish uchun salohiyat va imkoniyatlarni shakllantirish.
  • Vazirlik va Advance HE bilan hamkorlikda oʻtkaziladigan Change Academy dasturi orqali universitet boshqaruvi kodeksini ishlab chiqish, amalga oshirish va mustahkamlash boʻyicha reja tuzish.

Loyiha ikkinchi bosqichining maqsadlari (2024–25)

  • Universitet Boshqaruvi Kodeksining umumiy tamoyil va jihatlarini sinovdan oʻtkazish orqali uni joriy etishga tayyorgarlik va qiziqishni baholash maqsadida Vazirlik va boshqa manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilish.
  • Boshqaruv Kodeksi qanday tartibga soluvchi kontekstda joriy etilishini aniqlash, islohotlarga tayyorgarlik darajasini baholash, shuningdek, mavjud toʻsiqlar va imkoniyatlarni aniqlash maqsadida Vazirlik bilan normativ-huquqiy asoslarni tahlil qilish.
  • Boshqaruv Kodeksini ishlab chiqish boʻyicha kelishilgan asosiy mexanizm va metodologiyani amalga oshirish.
  • Mustaqil faoliyat yuritish madaniyatini oliy taʼlim muassasalarida chuqur singdirishga xizmat qiluvchi dasturlar va vositalarni ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlaydigan yangilangan Change Academy modelini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish.
  • Boshqaruv Kodeksi joriy etilishidan oldin boshqaruv organlari va boshqaruv sohasidagi mutaxassislar uchun amaliyot hamjamiyatlarini shakllantirish.

Uchinchi bosqichning maqsadlari (2025–26)

  • Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, oliy taʼlim muassasalari va yangidan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligiga oliy taʼlim islohotlari, meʼyoriy-huquqiy muhit va universitet boshqaruvi boʻyicha doimiy maslahat va koʻmak koʻrsatish.
  • Vazirlik huzuridagi Universitet Boshqaruvi ishchi guruhini yanada rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash.
  • Universitet Boshqaruvi Kodeksi loyihasini koʻrib chiqish, Vazirlik va huquqshunos maslahatchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarga javob berish hamda Vazirlik strategiyasini qoʻllab-quvvatlash.
  • Yaxshi boshqaruvni rivojlantirish va milliy Universitet Boshqaruvi Kodeksini amaliyotga joriy etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida tajriba almashinuv va hamkorlikni davom ettirish uchun Governance Change Academy Network (G-CAN) tarmogʻini kuchaytirish boʻyicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqish.
  • Universitetlar boshqaruv kengashi aʼzolari va kengash kotiblari uchun yangi moslashtiruv dasturlarini ishlab chiqish va tajriba tariqasida joriy etish.
  • Universitetlarda boshqaruvni samarali tashkil etishni taʼminlovchi yangi yuqori lavozim – Boshqaruv kengashi kotibi lavozimini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash.
  • Universitet Boshqaruvi Kodeksini meʼyoriy-huquqiy doirada samarali joriy etish uchun salohiyat va imkoniyatlarni oshiruvchi qoʻshimcha dasturlar bilan birga amalga oshirish jadvalini ishlab chiqish.
  • Loyiha amalga oshirilishi boʻyicha yakuniy hisobot tayyorlash.
  • 2025–26-yillarda bu ishlar Britaniya Kengashining Going Global Partnerships dasturi doirasidagi KPI va taʼsir koʻrsatkichlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Oliy taʼlim sifat standartlari

Going Global Partnerships dasturining “Oliy taʼlim uchun sifat standartlari” yoʻnalishi Oʻzbekiston Oliy taʼlim tizimi Sifat Kodeksini ishlab chiqishning asoslarini yaratishni maqsad qiladi.

Ushbu birinchi bosqich uch-besh yillik strategik qarashning bir qismi boʻladi. Uning asosiy maqsadi milliy va mahalliy darajada salohiyatni shakllantirish hamda imkoniyatlarni rivojlantirish tizimlarini yoʻlga qoʻyishdan iborat. Bu tizimlar muvaffaqiyatli oliy taʼlim tizimining ajralmas tarkibiy qismi boʻlgan samarali akademik boshqaruvni taʼminlashga xizmat qiladi.

Birinchi bosqichning maqsadlari quyidagilardan iborat boʻldi (2023–24)

  • Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida milliy sifatni taʼminlash ishchi guruhini tuzish.
  • Sifatni taʼminlash boʻyicha ishchi guruh uchun guruh oldiga qoʻyilgan maqsadlarga erishishini taʼminlash maqsadida ilk trening dasturlari va davomli qoʻllab-quvvatlovni taklif etish.
  • Oʻzbekistondagi mavjud sifatni taʼminlash standartlarini xalqaro standartlar bilan taqqoslash orqali tahlil qilish va ichki (institutsional) hamda tashqi milliy sifat kodeksini ishlab chiqish uchun asos yaratish.
  • Oliy taʼlimda sifatni taʼminlash boʻyicha Milliy Sifat Kodeksini ishlab chiqish uchun metodologik asos yaratish; mazkur Kodeks oliy taʼlim sifatini baholash va boshqarishda asosiy manba va umumiy standartlar tizimi sifatida xizmat qiladi.
  • Ichki sifat auditi boʻyicha qoʻllanma yoki vazirlik buyrugʻini ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlash.

Loyiha ikkinchi bosqichining maqsadlari (2025–26)

  • Oʻzbekiston Oliy taʼlim sifat kodeksini keyingi bosqichlarda ishlab chiqishda yangilangan iteratsiyaga asos boʻlishi uchun normativ-huquqiy asos, yangidan tashkil etilgan Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi va Vazirlikning oʻrni va vazifalari boʻyicha chuqurroq tushunchaga ega boʻlish.
  • Ishning keyingi bosqichiga barcha manfaatdor tomonlarni – oliy taʼlim muassasalari xodimlari, regulyator tashkilot va vazirlikni faol jalb etish.
  • Turli manfaatdor tomonlar uchun salohiyat va imkoniyatlarni rivojlantirish, shuningdek, amaliyot hamjamiyatlarini shakllantirishga xizmat qiluvchi oʻquv muhiti va transformatsiya jarayonlari uchun vaqt va makon yaratish.
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi, Vazirlik va yuridik tashkilotlar oʻrtasida yaqin hamkorlikni taʼminlash.
  • Milliy ustuvor yoʻnalishlarga muvofiq sifatni taʼminlash tizimining barqaror yondashuvini ishlab chiqish. Bunda akademik boshqaruvning sifat va standartlarga asoslangan boʻlishi, talabalar tajribasi va taʼlim sifati uchun masʼuliyatli yondashuv asosiy tamoyil boʻlib xizmat qilishi nazarda tutiladi.