Creative Central Asia’ning yettinchi uchrashuvi 2026-yil 28-fevraldan 2-martgacha Toshkent va Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniyadan 55 delegat ishtirok etdi. Bu yil asosiy e’tibor kreativ shaharlar, hamkorlik, ta’sir va keyingi avlod uchun ta’limga qaratildi. Forumda 185 kishi oflayn qatnashdi, yana 70 ishtirokchi esa onlayn translyatsiya orqali qo‘shildi.

CCA 2026 manifesti

Shaharlar, hududlar va mamlakatlarning rivojlanishi endi tabiiy resurslar, infratuzilma va texnologiyalar bilan belgilanmaydi. Asosiy omil – bu g‘oyalar, bilim, ko‘nikma, tashabbus va mas’uliyatga ega insonlarni jalb qilish, ushlab qolish va birlashtira olish qobiliyati, ya’ni inson kapitalidir. Shu sababli kreativ makonlar va madaniy tadbirlar muhim rol o‘ynaydi. Ular ma’no, identitet, iqtisodiy va ijtimoiy energiya, innovatsiya hamda fanlararo bog‘lanishlarning markaziga aylanadi. Aynan ular hudud bilan hissiy va ijtimoiy bog‘lanishni shakllantiradi – buni yuqoridan pastga qarab boshqariladigan tashabbuslar bera olmaydi.

Alohida loyihalar shaharlarni yakka holda o‘zgartira olmaydi. Shaharlar loyihalar bir-birini kuchaytirganda, madaniyat, biznes, texnologiya, ta’lim va shahar o‘rtasida gorizontal aloqalar paydo bo‘lganda o‘zgaradi. Shuningdek, madaniyat tilini iqtisod, siyosat va investitsiya tiliga tarjima qila oladigan vositachilar – kuratorlar, produserlar, platformalar va institutlar muhim ahamiyatga ega. Ular odamlar, resurslar va uzoq muddatli maqsadlarni bog‘laydi. Aynan shunday muhitda kreativ makonlar va tadbirlar barqaror ekotizimlarning markaziga aylanadi.

Bugungi kunda kreativ sohalar – bu shunchaki “madaniyatga oid” tarmoq emas. Bu – iqtisodiyot va o‘zlikni anglash, texnologiyalar va insonlar, biznes va ijtimoiy qadriyatlar o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini o‘taydigan mustaqil hodisadir.

Biz kreativ iqtisodiyot, kreativ sanoat uchun infratuzilma, yangi ko‘nikmalar, sun’iy intellekt, ta’lim va yangi qadriyatlar kelajak ekanligini aytishga o‘rganib qolganmiz. Lekin bu kelajak allaqachon bugunimizga aylangan. Bu – imkoniyatlar eshigini ochadigan hamda rivojlanish yo‘lini tanlash mas’uliyatini yuklaydigan bizning bugungi kunimizdir.

Hozir chetdan kuzatib turish emas, balki harakat qilish muhim: o‘rganish, birlashish, tajriba qilish va o‘sish orqali g‘oyalarni real o‘zgarishlarga aylantirish lozim. Shu boisdan ham “Creative Central Asia 2026” da muhokama qilish uchun kreativ sohalarning amaliy rivojlanishini ta’minlovchi yo‘nalishlarni tanladik:

  • hamkorlik, fanlararo yondashuv va vositachilarning o‘rni
  • pul, investitsiyalar va qadriyatlar tili
  • ta’lim, sun’iy intellekt va kelajak uchun ko‘nikmalar.

Panel muhokamalarining to‘liq videolarini tomosha qiling:

Jon Nyubiginning ochilish nutqi

Bugungi kunda shaharlar va hududlar nafaqat resurslar yoki infratuzilma, balki inson kapitalini rivojlantirish salohiyati tufayli ham gullab-yashnamoqda. Aynan kreativ muhit, madaniy tadbirlar va sohalararo hamkorlik bu kapitalni iqtisodiyot, o‘ziga xoslik, texnologiyalar hamda umumiy ma’no maydonini birlashtirgan barqaror ekotizimlarga aylantiradi.

1-panel muhokamasi | Kreativ shaharlarning ko‘rinmas infratuzilmasi

Panelda fanlararo loyihalar turizm, tungi iqtisodiyot, mahalliy biznes va startaplar, shuningdek kengroq kreativ ekotizimlar rivoji uchun qanday asosiy o‘sish nuqtasiga aylanishi hamda birgalikda shahar infratuzilmasining yangi turini qanday shakllantirishi muhokama qilinadi.

2-panel muhokamasi | Qadriyatlar tilida gaplashish: investitsiyalar, ta’sir va barqarorlik

Panelda kreativ industriyalarning shahar muhitiga ta’sirini qanday aniqlash va o‘lchash, investorlar va homiylar bilan faqat foyda emas, balki umumiy qadriyatlar asosida mazmunli muloqot qurish, shuningdek iqtisodiy jihatdan barqaror va shaharlar uchun foydali loyihalarni qanday yaratish masalalari muhokama qilinadi.

3-panel | Next Gen shaharlar: kelajagimizni kim yaratadi

Spikerlar kreativ shahar hayoti uchun qanday ko‘nikma va kasblar zarurligini, texnologik jihatdan savodxon yangi avlod o‘zgarishlar yetakchilarini tayyorlashda ta’lim tizimlarining rolini hamda avtomatlashtirish davrida yosh kreativ mutaxassislar, texnologlar va madaniyat arboblarini saqlab qolish uchun shaharlar uzluksiz ta’lim va qayta tayyorlashni qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini muhokama qiladilar.

Tadbirdan olingan fotosuratlarni bizning Flickr akkauntimizda ko‘ring.

Telegram’da bizga obuna bo‘ling.